JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARNING MUROJAATLARI TOʻGʻRISIDA

JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARNING MUROJAATLARI TOʻGʻRISIDA 1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi

Ushbu Qonunning maqsadi davlat organlari va davlat muassasalariga (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi), shuningdek ularning mansabdor shaxslariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (bundan buyon matnda murojaatlar deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunning amal qilishi davlat ishtirokidagi tashkilotlarga va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) nisbatan ham tatbiq etiladi.

Ushbu Qonunning amal qilishi:

koʻrib chiqish tartibi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarga;

davlat organlarining, shuningdek ular tarkibiy boʻlinmalarining oʻzaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2-modda. Murojaatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Murojaatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

ariza — huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimos bayon etilgan murojaat;

taklif — davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni oʻz ichiga olgan murojaat;

shikoyat — buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi talab bayon etilgan murojaat;

elektron murojaat — belgilangan tartibda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida berilgan, shu jumladan davlat organining, tashkilotning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan murojaat, real vaqt rejimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda berilgan ogʻzaki murojaatlar bundan mustasno;

takroriy murojaat — ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan, uning avvalgi murojaati yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilinayotgan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilayotgan, shuningdek, agar takroriy murojaat kelib tushgan paytga kelib qonun hujjatlarida belgilangan koʻrib chiqish muddati tugagan boʻlsa, ilgarigi murojaati oʻz vaqtida koʻrib chiqilmaganligi toʻgʻrisida xabar qilinayotgan murojaat;

anonim murojaat — jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilmagan yoxud ular haqida yolgʻon maʼlumotlar koʻrsatilgan murojaat, shuningdek uni identifikatsiya qilish imkoniyatini bermaydigan elektron murojaat yoxud imzo bilan tasdiqlanmagan yozma murojaat;

murojaatning dublikati — ayni bir jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatining koʻchirma nusxasi;

ommaviy qabul — davlat organi rahbarining yoki bu borada vakolat berilgan mansabdor shaxsining jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari bilan ommaviy uchrashuvlarida murojaatlarni qabul qilishga doir harakati;

videokonferensaloqa — uzoqda joylashgan bir nechta abonentlarning real vaqt rejimida audio- va videoaxborot almashish imkoniyati bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv hamkorlik qilishi;

davlat ishtirokidagi tashkilot — ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan tijorat tashkiloti yoxud toʻliq yoki qisman davlat organi tomonidan tashkil etilgan yoki taʼsis etilgan notijorat tashkiloti.

4-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqishning asosiy prinsiplari

Murojaatlarni koʻrib chiqishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

murojaatlarni oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqish;

murojaatlarga nisbatan talablarning bir xilligi;

jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi;

murojaatlarni koʻrib chiqishda byurokratizm va sansalorlikka yoʻl qoʻyilmasligi;

murojaatlarni koʻrib chiqishda davlat organlari, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslari faoliyatining shaffofligi.

5-modda. Murojaatlarning shakllari va turlari

Murojaatlar ogʻzaki, yozma yoxud elektron shaklda boʻlishi mumkin.

Arizalar, takliflar va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblanadi.

Murojaatlar, ularning shakli va turidan qatʼi nazar, bir xil ahamiyatga ega boʻladi.

6-modda. Murojaatlarga qoʻyiladigan talablar

Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida davlat organining, tashkilotning aniq nomi, murojaat yuborilayotgan mansabdor shaxsning lavozimi va (yoki) familiyasi (ismi, otasining ismi) koʻrsatilgan, shuningdek murojaatning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak.

Murojaatlarda murojaat etuvchilarning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va fakslari raqamlari koʻrsatilishi mumkin.

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilishi kerak.

Murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

7-modda. Murojaatlar va ommaviy axborot vositalari

Ommaviy axborot vositalari tahririyatlaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqiladi.

Ommaviy axborot vositalariga yoʻllangan murojaatlardan ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq jamoatchilik fikrini oʻrganish va aks ettirish uchun foydalanilishi mumkin.

8-modda. Jismoniy shaxslarni va yuridik

shaxslarning vakillarini qabul qilish

Davlat organlarida, tashkilotlarda, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.

Jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini oʻtkazuvchi davlat organlarining, tashkilotlarning rahbarlari yoki boshqa mansabdor shaxslari har qanday masalalar, shu jumladan oʻz vakolatlariga kirmaydigan masalalar boʻyicha murojaat etilganda qabulni rad etishga haqli emas, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega boʻlgan avvalgi murojaati boʻyicha qaror qabul qilingan va bu haqda ularga ushbu Qonunda belgilangan tartibda xabar qilingan boʻlsa, rad etilishi mumkin.

9-modda. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning

vakillarini qabul qilish tartibi

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish davlat organining, tashkilotning rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida, tashkilotlarda maxsus tarkibiy boʻlinmalar tashkil etilishi mumkin, qabul uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslar belgilanadi.

Davlat organlarining rahbarlari yoki bu borada vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxslari tomonidan jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullari, shuningdek ommaviy qabullar tashkil etilishi mumkin.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvaliga muvofiq oʻtkaziladi.

Qabul qilish jadvali va uni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish toʻgʻrisidagi axborot, qabul qilish tartibi ularni davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish, shuningdek ularning maʼmuriy binosida hamma kirishi mumkin boʻlgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullari, shuningdek ommaviy qabullar, zarur boʻlgan hollarda, qabul qilish jadvallaridan tashqari oʻtkazilishi mumkin. Ommaviy qabul hovlilarga (kvartiralarga), boshqa binolarga va joylarga birma-bir kirib chiqish orqali ham oʻtkazilishi mumkin.

Agar qabul davomida bayon etilgan masalalarni hal etish davlat organining, tashkilotning yoki ular mansabdor shaxsining vakolatlariga kirmasa, tegishli mansabdor shaxslar murojaat etuvchiga murojaatda bayon etilgan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish lozimligini tushuntirishi kerak.

Shaxsiy qabul davomida davlat organi, tashkilot rahbarining qaroriga koʻra va murojaat etuvchiga bu haqda xabar bergan holda maxsus texnika vositalari (audio- va videoyozuv, shuningdek fotosuratga olish) qoʻllanilishi mumkin.

Jismoniy shaxs ogʻzaki murojaat etayotganda oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa oʻz vakolatlarini tasdiqlaydigan va oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishi kerak, ommaviy qabul vaqtida kelib tushgan murojaatlar bundan mustasno.

Ogʻzaki murojaatlar real vaqt rejimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan davlat organlarining, tashkilotlarning ishonch, tezkor aloqa telefonlari orqali va videokonferensaloqa vositasida ham berilishi mumkin.

Videokonferensaloqa vositasida qabul qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

2-BOB. XALQ QABULXONALARI

VA VIRTUAL QABULXONALAR

10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan murojaatlarning samarali koʻrib chiqilishini tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tuziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tizimini quyidagilar tashkil etadi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi (tumanga boʻysunuvchi shaharlardan tashqari) Xalq qabulxonalari.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi kelib tushayotgan murojaatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida qabul qilish, toʻplash, tasniflash va tizimlashtirish, shuningdek ularning toʻliq, oʻz vaqtida hamda sifatli koʻrib chiqilishi ustidan monitoring va nazoratni amalga oshirish imkonini beruvchi axborot tizimi hisoblanadi.

11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq

qabulxonalarining va Virtual qabulxonasining

asosiy vazifalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining va Virtual qabulxonasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilishga qaratilgan, murojaatlar bilan ishlashning samarali tizimi faoliyatini taʼminlash;

murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqning soʻzsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushgan hamda tegishliligi boʻyicha davlat organlariga, tashkilotlarga yuborilgan murojaatlarning koʻrib chiqilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish;

jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining qabullarini oʻtkazish, shu jumladan videokonferensaloqa vositasida oʻtkazish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlarni qayd etish, umumlashtirish, tizimlashtirish, ularni koʻrib chiqish ustidan monitoring va nazorat qilish boʻyicha elektron axborot tizimini joriy etish hamda yuritish orqali murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish.

12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Xalq qabulxonalarining huquq va majburiyatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari quyidagi huquqlarga ega:

davlat organlari, tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish, ulardan oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan hujjatlarni va axborotni soʻrash hamda olish;

zarur hollarda, murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorlarning ijrosini joylarga chiqib oʻrganish;

murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida davlat organlariga, tashkilotlarga takliflar kiritish;

murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddatlarini buzgan, shuningdek murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorlarning ijrosini taʼminlamagan shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha takliflar kiritish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari:

ushbu Qonun talablariga rioya etishi;

murojaatlar bilan ishlashda mavjud axborot tizimidan foydalanishi;

axborot xavfsizligi talablariga rioya etishi;

oʻz dasturiy-apparat vositalarining uzluksiz ishlashini taʼminlashi;

navbatda turishning elektron boshqaruvi tizimi samarali ishlashini va maʼmuriy jihatdan boshqarilishini, murojaat etuvchilarning soni ularning toifalari va tegishli sohalar boʻyicha muayyan davr uchun (kun, hafta, oy) lozim darajada hisobga olinishini taʼminlashi shart.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

Virtual qabulxonasi tomonidan murojaatlarga doir

masalalar boʻyicha real vaqt rejimida maslahatlar berish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi negizida turli tarmoqlar va faoliyat sohalaridan malakali mutaxassislarni maslahatchilar sifatida jalb etgan holda, murojaatlarga doir masalalar boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarga real vaqt rejimida maslahat berish amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi negizida real vaqt rejimida maslahat berish, bir tomondan, maslahatchilar oʻrtasida, shuningdek boshqa tomondan, oʻzini qiziqtiradigan masala yuzasidan tezkor tartibda axborot olish istagida boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida axborot ayirboshlash yoʻli bilan taʼminlanadi.

14-modda. Davlat organlarining, tashkilotlarning

va ular mansabdor shaxslarining virtual

qabulxonalarini tashkil etish

Aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, murojaatlarning koʻrib chiqilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish, shuningdek murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish maqsadida davlat organlari, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslari oʻz virtual qabulxonalarini tashkil etishi mumkin.

Virtual qabulxonalar qaysi davlat organi, tashkilot yoki ularning qaysi mansabdor shaxslari tomonidan tuzilgan boʻlsa, oʻsha davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari nomidan faoliyat koʻrsatadi.

3-BOB. JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARNING

MUROJAAT ETISH HUQUQLARI KAFOLATLARI

15-modda. Murojaat etish huquqini

amalga oshirish kafolatlari

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga yakka tartibda yoki jamoa boʻlib murojaat etish huquqi kafolatlanadi.

Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Hyech kim biron-bir murojaatni himoya qilishga yoxud unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.

Murojaat etish huquqining amalga oshirilishi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini buzmasligi kerak.

Xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlariga, tashkilotlariga va ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunga muvofiq murojaat etish huquqiga ega.

16-modda. Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda

kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligi

Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqyeiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllariga va boshqa holatlariga qarab kamsitishga yoʻl qoʻyilmaydi.

17-modda. Murojaat etilganda huquqlar,

erkinliklar va qonuniy manfaatlarga

rioya etilishining kafolatlari

Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlarni koʻrib chiqishda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlari talablariga rioya etishi, ularning toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi uchun choralar koʻrishi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻrishi shart.

18-modda. Murojaatlarni qabul qilish

va koʻrib chiqish kafolatlari

Murojaatlar davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilinishi va koʻrib chiqilishi shart, ushbu Qonunning 29 va 30-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

19-modda. Murojaatlar munosabati bilan ayon boʻlib qolgan

maʼlumotlarning oshkor etilmasligi kafolatlari

Murojaatlarni koʻrib chiqishda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ularning roziligisiz, shuningdek davlat sirini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning va, agar bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitadigan boʻlsa, boshqa axborotning davlat organlari, tashkilotlar xodimlari va ular mansabdor shaxslari tomonidan oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxs toʻgʻrisidagi, murojaatga taalluqli boʻlmagan maʼlumotlarni aniqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Jismoniy shaxsning iltimosiga koʻra uning shaxsiga doir biron-bir maʼlumot oshkor etilmasligi kerak.

20-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari

munosabati bilan ular xavfsizligining kafolatlari

Jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila aʼzolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila aʼzolarini ular oʻz huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga murojaat etganligi, shuningdek murojaatlarda oʻz fikrini bildirganligi va tanqid qilganligi munosabati bilan taʼqib etish man etiladi.

4-BOB. MUROJAATLARNI BERISH VA ULARNI

KOʻRIB CHIQISH TARTIBI

21-modda. Murojaatlarni berish tartibi

Murojaatlar ularda qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻz vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga bevosita yoxud boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni mustaqil ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni oʻz vakiliga berishga yoxud murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborishga haqli. Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini koʻzlab murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.

Murojaatga u boʻyicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning koʻchirma nusxalari, shuningdek uni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno. Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar murojaat taalluqliligi boʻyicha boshqa davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga yuborilganda murojaatga ilova qilinishi kerak.

Murojaat pochta aloqa vositasi orqali konvertda kelib tushganda konvertda murojaat va unga ilovalar mavjudligi tekshiriladi. Konvertda murojaat mavjud boʻlmasa yoki u shikastlangan boʻlsa, shuningdek murojaatda koʻrsatilgan ilovalar mavjud boʻlmasa, dalolatnoma tuzilib, uning bir nusxasi murojaat etuvchiga konvertda koʻrsatilgan manzil boʻyicha yuboriladi.

22-modda. Murojaatlarni berish muddatlari

Murojaatlarni berish muddatlari, qoida tariqasida, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar davlat organining, tashkilotning yoki ular mansabdor shaxclarining murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini oʻz vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni taʼminlash zaruratiga bogʻliq boʻlsa, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.

Boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi maʼlum boʻlgan paytdan eʼtiboran uzogʻi bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.

Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sababga koʻra oʻtkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni koʻrib chiquvchi davlat organi, tashkilot yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tiklanadi.

23-modda. Murojaatlar boʻyicha ish yuritish

Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan murojaat oʻsha kunning oʻzida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.

Murojaatni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Davlat organlarida, tashkilotlarda murojaatlarni roʻyxatdan oʻtkazish daftari yuritilib, unda murojaatning tartib raqami va kelib tushgan sanasi, murojaat etuvchi jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), yuridik shaxsning nomi, murojaatning qisqacha mazmuni, ijrosi toʻgʻrisidagi belgi, shuningdek boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.

Davlat organlari, tashkilotlar murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etishi mumkin.

Davlat organining rahbariga yoki vakolat berilgan mansabdor shaxsiga ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal etilgan ogʻzaki murojaatlarni roʻyxatdan oʻtkazish talab qilinmaydi. Bunda jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, murojaatning qisqacha mazmuni, shuningdek uni koʻrib chiqish natijasi ommaviy qabul bayonnomasida koʻrsatiladi.

Murojaatni roʻyxatdan oʻtkazish va koʻrib chiqish boʻyicha ish yuritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

24-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi

Davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar shu organ, tashkilot tomonidan yoki murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha zimmasiga majburiyatlar yuklatilgan mansabdor shaxslar tomonidan koʻrib chiqiladi.

Davlat organiga, tashkilotga kelib tushgan murojaatlar boʻysunuv tartibida quyi turuvchi boʻlinmalarga ham yuborilishi mumkin.

Agar murojaatda davlat organlari, tashkilotlarning bir nechta tarkibiy boʻlinmalariga taalluqli masalalar mavjud boʻlsa, ularning barchasi murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha ijrochilar etib belgilanadi. Ijrochilar oʻrtasida birinchi koʻrsatilgan tarkibiy boʻlinma murojaatning koʻrib chiqilishini boshqa tarkibiy boʻlinmalar bilan birgalikda taʼminlaydi.

Murojaatni toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqish uchun qoʻshimcha maʼlumotlar, maʼlumotnomalar va materiallarga zarurat paydo boʻlgan taqdirda, mazkur murojaatni koʻrib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchidan, shuningdek oʻz vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan qoʻshimcha axborotni soʻrab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan boʻlmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar oʻzlaridan soʻralayotgan axborotni oʻn kun ichida taqdim etishi shart.

Murojaatlarni koʻrib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari zarur hollarda, murojaatning joyning oʻziga borib koʻrib chiqilishini taʼminlashi mumkin.

Agar murojaatda qoʻyilgan masalalar xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga daxldor boʻlsa, ularning vakillari murojaatlarni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida jalb etiladi.

Agar murojaatni koʻrib chiqishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

24-1-modda. Voyaga yetmagan shaxslarning murojaatlarini

koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari

Voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli. Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning murojaatlarini koʻrib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmaganligi sababli ularning murojaatlarini koʻrib chiqmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Murojaatda qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻz vakolatiga kirmaydigan davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari murojaatni tegishli davlat organiga, boshqa tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yoxud vasiylik va homiylik organiga yuborishi shart.

25-modda. Ayrim murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi

Takroriy murojaatlar umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi, ushbu Qonunning 30-moddasida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.

Qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻzining vakolati doirasiga kirmaydigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga, boshqa tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi. Bunda kelib tushgan elektron murojaat elektron shaklda yuborilishi mumkin.

Murojaatlarni koʻrib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga, tashkilotlarga oʻtkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli davlat organlariga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish uchun zarur maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi.

Agar murojaatni koʻrib chiqish davomida murojaatning dublikati kelib tushsa, mazkur murojaat avval kelib tushgan murojaat bilan birgalikda koʻrib chiqiladi.

Agar murojaatning dublikati murojaat koʻrib chiqilganidan va javob yuborilganidan keyin kelib tushsa, bu haqda davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchini tegishli tartibda xabardor qiladi.

Murojaatlarning turlariga kiritilmagan xatlarni (tashakkurnomalar, tabriknomalar, taklifnomalar, fikr-mulohazalarni) koʻrib chiqish davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ularning oʻz ixtiyoriga koʻra amalga oshiriladi.

26-modda. Murojaat etuvchini eshitish

Murojaatni koʻrib chiqayotgan davlat organi, boshqa tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari oʻz tashabbusiga koʻra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga koʻra uni eshitishni tashkil etishi mumkin.

Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchiga murojaatda koʻtarilgan masalalar boʻyicha oʻz fikrini bildirish va murojaat boʻyicha qoʻshimcha axborot taqdim etish imkoniyatini beradi. Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchini eshitishga ekspertlarni, mutaxassislarni va manfaatdor tashkilotlarning vakillarini jalb etishi mumkin.

27-modda. Murojaatlarga javoblar

Murojaatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda murojaat qiluvchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatga javobni davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning mansabdor shaxsi imzolaydi.

Jamoaviy murojaatlarga javob, agar murojaatda javobni boshqa shaxsga yuborish talab etilmagan boʻlsa, murojaat qiluvchilarning roʻyxatida birinchi koʻrsatilgan shaxsga yuboriladi.

Murojaat, agar unda qoʻyilgan barcha masalalar ushbu Qonun talablariga muvofiq koʻrib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda, koʻrib chiqilgan hisoblanadi.

Murojaatlarga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, javoblar murojaatda koʻrsatilgan har bir masala boʻyicha vajlarni inkor etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.

Ommaviy qabullar vaqtida davlat organining rahbariga yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxsiga kelib tushgan va joyida hal etilgan ogʻzaki murojaatlarga yozma javob yoki elektron shakldagi javob talab etilmaydi.

28-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlari

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart boʻlgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa, bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, ularni koʻrib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzogʻi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi, qoʻshimcha oʻrganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno boʻlib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga oʻn kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

29-modda. Murojaatlarni koʻrmay qoldirish

Quyidagi murojaatlar koʻrib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda;

mazkur Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq boʻlmagan murojaatlar.

Murojaatlar koʻrmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi.

Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar koʻrmay qoldirilganligi toʻgʻrisida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.

30-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqishni tugatish

Murojaatlarni koʻrib chiqish quyidagi hollarda tugatiladi:

agar takroriy murojaatlarda yangi vajlar yoki yangidan ochilgan holatlar keltirilmagan boʻlsa, ilgarigi murojaat materiallarida esa tekshiruvlarning toʻla-toʻkis materiallari mavjud boʻlsa va murojaat qiluvchiga belgilangan tartibda javoblar berilgan boʻlsa;

agar murojaat qiluvchi oʻz murojaatini belgilangan tartibda chaqirib olgan boʻlsa yoki uni koʻrib chiqishni tugatish toʻgʻrisida iltimos qilgan boʻlsa;

yashash joyi, turgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili yoki boshqa rekvizitlari oʻzgarganligi toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilmaganligi tufayli chaqirishning imkoni yoʻqligi sababli murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz koʻrib chiqish imkoniyati boʻlmaganda;

murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz koʻrib chiqish imkoniyati mavjud emasligi sababli, davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmay qolgan taqdirda;

agar murojaat qiluvchi jismoniy shaxs vafot etganidan soʻng murojaatni koʻrib chiqish huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa.

Murojaatni koʻrib chiqishni tugatish toʻgʻrisidagi qarorni davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi qabul qiladi.

Takroriy murojaatni koʻrib chiqish ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisiga muvofiq tugatilganda, murojaat qiluvchi takroriy murojaatning asossizligi va ushbu masala yuzasidan u bilan yozishmalar tugatilishi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinadi. Yozishmalar olib borish tugatilgan murojaat qiluvchidan takroriy murojaat kelib tushgan taqdirda, bunday murojaatni koʻrib chiqish murojaat qiluvchini bu haqda xabardor qilmasdan tugatiladi.

Murojaatni koʻrib chiqish uni chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza boʻyicha tugatilganda murojaat murojaat qiluvchiga davlat organining, tashkilotning yoki ular mansabdor shaxsining xati bilan birga uch kun ichida qaytariladi. Murojaatni chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrilishini istisno etmaydi.

Murojaat qiluvchi chaqirilgan jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining kelmay qolganligi sababli murojaatni koʻrib chiqishni tugatish toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilinadi.

31-modda. Murojaatga javobni tushuntirish va uni tuzatish

Jismoniy yoki yuridik shaxsning iltimosiga koʻra murojaatni koʻrib chiqqan davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari murojaatga javobni uning mazmunini oʻzgartirmasdan tushuntirishi, shuningdek yoʻl qoʻyilgan xatolar va arifmetik xatolarni oʻz tashabbusiga koʻra yoki murojaat qiluvchining iltimosiga koʻra, murojaatga javobning mazmuniga daxl qilmagan holda tuzatishi shart.

Murojaat qiluvchining murojaatga javobni tushuntirish va uni tuzatish toʻgʻrisidagi iltimosi u kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida koʻrib chiqiladi.

5-BOB. MUROJAATLARNI KOʻRIB CHIQISHDA JISMONIY

VA YURIDIK SHAXSLARNING HUQUQLARI, DAVLAT

ORGANLARINING, TASHKILOTLARNING VAULAR

MANSABDOR SHAXSLARINING HUQUQLARI

VA MAJBURIYATLARI

32-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqishda jismoniy

va yuridik shaxslarning huquqlari

Murojaatlar davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan koʻrib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxslar quyidagi huquqlarga ega:

murojaatni koʻrib chiqishning borishi toʻgʻrisida axborot olish;

vajlarni shaxsan bayon etish va tushuntirishlar berish;

murojaatni tekshirish materiallari va uni koʻrib chiqish natijalari bilan tanishish;

qoʻshimcha materiallar taqdim etish yoki bunday materiallarni boshqa organlardan talab qilib olish toʻgʻrisida iltimos qilish;

advokat yordamidan foydalanish;

murojaatni koʻrib chiqishni tugatish toʻgʻrisida yoxud murojaatga javobni tushuntirish va (yoki) uni tuzatish toʻgʻrisida iltimos qilish;

oʻz murojaatini u koʻrib chiqilguniga qadar va koʻrib chiqilayotgan paytda murojaat boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yoʻli bilan chaqirib olish;

murojaatni qabul qilishni yoki koʻrib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etganlik ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qilish.

Jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

33-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqishda davlat organining,

tashkilotning va ular mansabdor shaxslarining

huquqlari va majburiyatlari

Murojaatlarni koʻrib chiqishda davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari quyidagi huquqlarga ega:

murojaatni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;

murojaat qiluvchi yoki boshqa shaxs yoʻqligida murojaatni koʻrib chiqish mumkin boʻlmaganda yoxud murojaatni eshitish uchun uni chaqirish;

bila turib yolgʻon maʼlumotlar koʻrsatilgan murojaatni tekshirish sababli yetkazilgan xarajatlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida sudga murojaat qilish.

Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari:

murojaatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;

murojaat qiluvchiga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini, agar ular davlat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, taʼminlashi;

murojaat etuvchiga koʻrib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat koʻrib chiqilganidan soʻng yozma yoxud elektron shaklda darhol xabar qilishi, ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal qilingan ogʻzaki murojaatlar bundan mustasno;

murojaat yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan, agar jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu qarorga rozi boʻlmasa, shikoyat berish tartibini tushuntirishi;

murojaatni koʻrib chiqish natijalariga koʻra qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi;

qonunga xilof harakatlarni (harakatsizlikni) bartaraf etish yuzasidan darhol chora-tadbirlar koʻrishi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablar va sharoitlarni oʻz vakolatlari doirasida aniqlashi;

jismoniy shaxs, uning vakili, ularning oila aʼzolari, yuridik shaxs, uning vakili va yuridik shaxs vakilining oila aʼzolari ularning murojaatlari sababli taʼqib etilishini belgilangan tartibda bartaraf etishi;

agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki maʼnaviy ziyon yetkazilgan boʻlsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning oʻrnini qoplash yoki maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish choralarini koʻrishi shart.

Davlat organlari murojaatlar bilan ish olib boruvchi oʻz xodimlarini oʻqitadi va uch yilda kamida bir marta ularning malakasini oshiradi. Davlat organlarining murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlariga nisbatan qoʻyiladigan talablar, shuningdek ularni oʻqitish va malakasini oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Davlat organi, tashkilot va ular mansabdor shaxslarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

34-modda. Murojaatlarning koʻrib chiqilishini

monitoring va nazorat qilish

Davlat organlarining, tashkilotlarning rahbarlari yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxslari oʻz tuzilmaviy boʻlinmalari tomonidan murojaatlarning koʻrib chiqilishi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi, ularning toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlash choralarini koʻradi.

Murojaat u qaysi rahbar yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan nazoratga olingan boʻlsa, oʻsha shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinadi.

Oraliq javoblar berilgan va toʻliq koʻrib chiqilmagan murojaatlar nazoratdan olinmaydi.

35-modda. Murojaatlarni umumlashtirish vatahlil qilish

Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari kelib tushgan murojaatlarning statistik hisobini yuritadi. Statistik hisobga olishda kelib tushgan, koʻrib chiqilgan, qanoatlantirilgan, qanoatlantirish rad etilgan, koʻrmay qoldirilgan murojaatlarning soni, shuningdek murojaatlar bilan ishlashga bogʻliq boʻlgan boshqa maʼlumotlar nazarda tutilishi kerak.

Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari har chorakda murojaatlarni umumlashtiradi va tahlil qiladi.

Davlat organlari murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga koʻra maʼlumotnomalar (sharhlar) tuzadi, ularda murojaatlar bilan ishlashning umumiy koʻrsatkichlari, murojaatlarda tez-tez koʻtarilgan masalalar, murojaatlarni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha aniqlangan asosiy kamchiliklar va qoidabuzarliklar, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish maqsadida koʻrilgan chora-tadbirlar aks ettiriladi.

Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga koʻra tuzilgan maʼlumotnomalar (sharhlar) tegishli davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.

6-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

36-modda. Nizolarni hal etish

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

37-modda. Moddiy zararning oʻrnini qoplash

va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish

Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasi, shikoyati ana shu murojaatlar boʻyicha qonunga xilof qarorlar qabul qilgan davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda, ariza yoki shikoyat berish va uni koʻrib chiqish bilan bogʻliq zararning oʻrni, arizani, shikoyatni koʻrib chiqish uchun tegishli davlat organining, tashkilotning, shuningdek ular mansabdor shaxslarining talabiga koʻra joylarga borish munosabati bilan qilingan xarajatlarning hamda ana shu vaqt ichida yoʻqotilgan ish haqining oʻrni murojaat etuvchiga sud tartibida qoplanadi. Sud tartibida maʼnaviy ziyon ham kompensatsiya qilinishi mumkin.

Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasini yoxud shikoyatini koʻrib chiqishda qonun talablari buzilganligi munosabati bilan unga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish sifatida davlat organi, tashkilot tomonidan toʻlangan mablagʻlar aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi mumkin.

38-modda. Murojaatlar toʻgʻrisidagi qonun

hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Murojaatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik, xuddi shuningdek tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.

«Xalq soʻzi», 2017-yil 12-sentyabr

«Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami»,

2017-yil 18-sentyabr, 37-son, 977-modda

To'liq ma'lumot